Indamaslar olami
Indamaslar olamin sayr ayladim.
Sayr etib men bariyo xayr ayladim.
Eng ajab olam ekan bu olam,
Sayr qilsun bo'lsa har kimning g'ami.
Unda baravzan ekan har bir bino,
Ul binolarning ichida yo'q havo.
So'risi yo'q, sahni yo'q, ayvoni yo'q.
Akrabolar yo'q aziz mehmoni yo'q.
Be o'chog'u bepalosu be tanur,
Be taomu be libosu qayda nur?
Aksarin tomin bosibdur xoru xas,
Sohibi bor-ku valekin be nafas.
Tomi ham, devori ham tufroq erur,
Eski g'ordan ham qorong'uroq erur.
Ustida sonsiz chumoli yo'rg'alar,
Turli-turli qurtu qo'ng'iz o'rmalar.
Qoru yo'mgir tomlarin qilmish xarob,
Loyga aylanmish tani oliyjanob.
Bu binolar yonma-yon, katta-kichik,
Ba'zisi kimning uyi, nomi bitik.
Ba'zisin ustida naqshinkorlik,
Sangi marmarga bitik yodgorlik.
Ermi, xotinmi, qarimi, yoshmi?
Yoki jodu ko'zmi, qiyg'och qoshmi?
Kambag'almi, boymi yo olimmidi?
Yoki hokim, yo hakim, ul kim edi?
Yo gadomi, yo halim yoki chapan?
Kim tanib olgay suyakning rangidan?
Bir-biridan farqi yo'q hech kimsaning,
Po'sti yo'q, so'ngak faqat jismi aning.
Ming takkabbur b'olsa ham davosi yo'q,
Nozaninlar nozu istig'nosi yo'q.
Makr etishga holi yo'q makkorning,
Holi yo'q toat uchun dindorning.
Bir nafas ham o'gzi badbo'y mast yo'q,
So'kkuchi til, urguchi zo'r dast yo'q.
Qo'ydi-chiqdi yo'q buning ro'zg'orida,
Urdi-yiqdi yo'q buning bozorida.
Birni yuzga, yuzni mingga sotguchi,
Ajralib sarmoyasidan jim yotguchi.
Elni behuda malomat aylagan
Og'zidan gul o'rniga chiqmish tikon.
Kimsada yo'q madhu vasfu lofu-qof,
Yo'q g'araz ham dag'dag'a, jangu masof.
Ko'zgu yo'q devorida, ko'rmas o'zin,
Qancha kir bo'lsun yuvolmaydi yuzin.
Besh qo'lin og'ziga tiqqan nafsi bad,
Komiga tufroq tolibdur to abad.
Kim riyokoru munofiq, behayo,
Qolmish elning la'natiga doimo.
Beadab, bezoriyu xulqi yomon,
Ulfati bolmish ul manzilda ilon.
Bunda mansab yo'q, xushomadgo'y yo'q,
Zebu ziynat birla rangu bo'y yo'q.
Bunda yo'q hech kimga tahqiri nazar,
Xor kimdur, bilmadim kim mo'tabar.
Balki maygul labdan unmish lolalar,
Lola yuzlar qayda, yo'qdur bolalar.
Jim yotur man-man degan boz-bozlar,
Betida tufro'q erur pardozlar.
Tadbiru purkorlik qo'l kelmamish,
Hiylayu ayyorlik qo'l kelamamish.
Ishlatolmay tilni ig'vogar xomush,
Qolmamish oqilda ham bir aqlu xush.
Qo'l uzatmaydur ta'ma birla gado,
Yo'q sahiy ahlida ham lutfu saho.
Pora-pora poraxo'rlik jizmi ham,
El aro butkul yo'qolmish ismi ham.
Noiloj zolim yotibdur be majol,
Notavon mazlumda ham yo'q qiylu qol.
Og'zida tufroq xasis, ochko'z, baxil,
Hammasin yer yepti qo'ymay yilma-yil.
Aldayolmasdan yotur aldoqchilar,
Komiga qum to'lgan yotur ayg'oqchilar.
Q'oynida yo'qdur qalamkash daftari,
Yo'q erur qonx'or qo'lida xanjari.
Yo'q ularda ihtiyoru iqtidor,
Qishmi, kuzmi, bexabar yozmi, bahor.
Qancha ming yillar erurki kun botur,
Qancha ming yillar erurki tong otur.
Kecha-kunduzdan xabarsizdur ular,
Butkul ermas bu tasavvur muxtasar.
Tek yotur, xumosh yotur, jim- jit yotur,
Tufro'gin bazan shamol bir qo'zgo'tur.
Ota-ona birla farzand bir-birin,
Chehrasiga tashlay olmas k'oz qirin.
Eru xotin birla xeshu aqrabo,
Bir-biridan bexabardur mutlaqo.
Bu so'zim ermas xurofotdan darak,
Bu xaqiqat olami - ibrat demak.
Soati bunda sayohat ayladim,
Ne sayohat, ming nadomat ayladim.
Ko'zda yoshim bo'lgan edi pardador,
Yig'ladi dil parda ichra zor-zor.
Vahimdan lekin tetik tutdim o'zim,
Bir tomonga nogahon tushdi ko'zim.
Bir makonki bo'ldi manga jilvagar,
Ustidan unmish go'yoki nayshakar.
Qabr aro qo'shnay sadosi avji bor,
Bu sado lol ayladi be ihtiyor.
Ko'rdimu ko'nglimga yetdi bir surur,
Jilvasi qalbim aro baxsh etdi nur.
"Kel" deganday bo'ldi menga shul zamon,
Bu nidoni tingladi jismimda jon.
Men dedim, "Ey muhtari qo'shnaynavoz,
Nay ramuziddin xabar bergil biroz.
Ne sabab joyingda o'zga fayz bor,
Bu makoning nega go'yo lolazor?
Sen kim erding bunga kelmasdan burun?
Bir xabar bergil menga holingdan bu kun."
Deb ko'zim yumdim qildim boshimni xam,
Keldi go'yo menga bir ovoz shu dam.
Aydi: "Ey farzand, men aytay, tinglag'il,
Ne desam sen zarra shak keltirmag'il.
Avvalo men poku beozor edim,
Elni shod etkuchi parhezkor edim.
Umr o'tkardim halol mehnat bilan,
Elni xursand ayladim san'at bilan.
Doimo qildim bahillikdan hazar,
Yaxshilikni o'yladim shomu sahar.
Ota-onam dillarin shod ayladim,
Ruhlarin har lahzada yod ayladim.
Yaxshi niyat erdi qalbimda chiroq,
Men edim kina-kuduratdan yiro'q.
Hech bir insonga xiyonat qilmadim,
Hech yomon ishlarga odat qilmadim.
El uchun har ishda qildim mardlik,
Qilmadim nokosligu nomartlik.
To'gri yo'l bilan kechirdim men hayot,
Yurtu xalqim qildi menga iltifot.
Menda hargiz yo'q edi kibru havo,
Shul sababdan bo'ldi el mendan rizo.
Ushbu boisdan makonim fayzlik,
Qil amal senda agar bo'lsa bilik."
Bu ramuzni nay tili birla dedi,
Indamaslar olami xomush edi.
Nogahon keldi bir ovazi hazin:
"Bir nafas tutgin quloq, men ham deyin.
Bor edi sevgan qator farzandlarim,
Ko'zlarimning nuriyu dilbandlarim.
Erkalatdim, mehribonlik ayladim,
Sizladim , shirin zabonlik ayladim.
Bir sovuq shabboda ham ko'rmay ravo,
Xastalansa tinchmay istardim davo.
O'stirardim ming mashaqqatlar bilan,
Qo'llarim boshida shafqatlar bilan.
Gohi ozg'in, gohi to'zgi'n men o'zim,
Yangi kiysin deb jigarbandim, qo'zim.
Goho bo'ldim puldor, goho qarzdor,
Yuz berardi turli tashvishlar qator.
Voyaga yetkuncha ul ko'z qoralar,
Qomatim xam bo'ldi, bag'rim poralar.
Qoldirarman deb ularga bog'u rog',
Men olib keldim dilimga qancha dog'.
Qoldi unda zarnigo'r koshona ham,
Qoldi yoru oshno, begona ham.
Rizq uchun yolg'on-yashiq so'z ishlatib,
Ba'zida bir pul uchun boshim qotib.
Do'ppayib turgan shu tufroq pastida
Men yotibdurman oyoqlar ostida.
Kelmadi yillar ko'zimning ravshani,
Ya'ni, ul farzandi dilbandlar qani?
Bu makonim ustiga bir yo'l qara,
Bormi, ayt, xatto yog'ochdan panjara?"
Deb meni hayronu lol aylar edi,
Bu tasavvur paymol aylar meni.
O'zga yondan keldi shul dam bir nido,
Aytdi menga: "Tut qulog'ing mutlaqo!
Bu sado jondan kelur, inson e[tahrir]!
Ey tirik yurgan, tirik qadriga yet.
Eslasin ruhimni avlodim desang,
O'tgan ajdodingni sen ham hurmat et!"
Man bu ma'noni eshitdim jon bilan,
Ham qabul etdim uni vijdon bilan.
Elga ham bu so'zni izhor ayladim,
Bir emas, takror-takror ayladim.
Indamaslar olamiga sol nazar,
Sen o'zingdan qil ularni bohabar.
Ota-ona ruhin esla, shod qil,
Ya'ni yotgan maskanin obod qil.
Ko'z ochib bu o'yyu bu fikrat bilan,
Tashqari qo'ydim qadam hayrat bilan.
Men dedim: Kel Chustiyo, hushyor bo'l,
Yaxshi niyat birla beozor bo'l.
To'g'ri bo'l, qilgil yomonlikdan hazar,
El mazoring lavhiga rahmat yo'zar.
Mavlono Chustiy